Jinsiy aloqa foydalari, asosiy ma’lumotlar
№ 1771, Joylandi: 6-01-2023
Ko'rildi: 246
G‘arb olimlarining tadqiqotlariga ko‘ra, erkaklarning uzoq umr kechirishi jinsiy hayotdan oladigan lazzatlanish miqdori bilan uzviy bog‘liq ekan.
Mutaxassislar buning sababini inzol paytida qonga lazzat gormonlari – endorfinlarning ko‘proq miqdorda tushishi bilan bog‘laydilar. Boshqa jismoniy faol harakatlar kabi me’yoriy jinsiy munosabat ham ziqlikni bartaraf etib, asab-ruhiy tizim va boshqa a’zolar faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.
Albatta, ushbu o‘rinda erkak kishining o‘z xasmi haloli-rafiqasi bilan bo‘lgan munosabati nazarda tutilmoqda. Zino esa, aksincha erlik kushandasi ekanligi shubhasiz.
Agar er-xotin o‘rtasidagi jinsiy munosabat ikkovlarini ham to‘laqonli qanoatlantiradigan darajada bir maromda, rejali tarzda muttasil amalga oshirilsa, uning quyidagi shifobaxsh jihatlaridan bahramand bo‘lish mumkin:
Sog‘lom jinsiy aloqa semizlikni oldini oladi
Jinsiy munosabat faol jismoniy harakat bo‘lganligi bois, kishi bir marotabalik intim yaqinlik davomida sportchining yarim soat shug‘ullanganiga teng miqdordagi energiyani yo‘qotadi. Bu esa, tanadagi ortiqcha yukni bartaraf etib, asr tahdidi bo‘lgan semizlikning oldini oladi.
Qon aylanishini yaxshilaydi
Yaqinlik paytidagi tananing faol harakatlari son, dumba, bel va tos mushaklari faoliyatini keskin kuchaytirib, undagi qon aylanishi, modda almashinuvi kabi ko‘plab jarayonlarga ijobiy ta’sir etadi.
Suyak-mushak tizimi mustahkamlanadi
Jinsiy yaqinlik uchun zaruriy biofaol testosteron moddasining ishlab chiqilishining kuchayishi bois, inson suyak-mushak tizimi mustahkamlanadi.
Sog‘lom jinsiy hayot immunitetni mustahkamlaydi
Boshqa jismoniy faollik talab etuvchi sport turlari kabi jinsiy munosabat ham qondagi immunoglobulin moddasi miqdorining ko‘payishiga sabab bo‘lar ekan. Shu tufayli ham bu toifa kishilarda turli yallig‘lanish kasalliklari kamroq uchrashi kuzatilar ekan.
Xavfli kasalliklar himoyachisi
Muntazam jinsiy munosabatni tark etmaslik ichki jinsiy a’zolar-prostata bezi, urug‘ pufakchalari, moyaklar kabilarda dimlanish holatining ro‘y bermasligini ta’minlaydi. Natijada, orxit, prostatit, epididimit, vezikulit kabi noxush xastaliklarning oldi olinib, kelajakda jinsiy zaiflik kabi noxush dardlarga yo‘l ochilmaydi.
Siydik yo‘llari faoliyatiga foydali
To‘laqonli jinsiy munosabat peshob qopchasi jom mushaklari mustahkamligini ta’minlaydi. Bu esa, qovuq bo‘shligi kabi noxush holatlarning oldini oladi.
Yurak-qon tomir faoliyatini yaxshilaydi
Rejali, maromida olib borilgan jinsiy munosabat (agar o‘ta zo‘riqishga yo‘l qo‘yilmasa) yurak-qon tomir tizimiga sezilarli ijobiy ta’sir etadi.
Hazm jarayonini me’yorlashtiradi
Boshqa jismoniy harakatlar kabi jinsiy yaiinlik ham tanadagi quvvatning yo‘qotilishiga olib keladi. Bu hol esa, ishtahaning kuchayib, oshqozon – ichak tizimidagi hazm jarayonlarining ham me’yorlashuviga olib kelishi bilan benazirdir.
Menopauza va andropauza yengil o‘tadi
Muntazam tarzda, rejali jinsiy hayot kechiruvchilarda barvaqt qartayish-klimaks holatining yengil o‘tishi kuzatiladi. Goho esa, erkaklarda bu noxush davrning mutloq ro‘y bermasligi aynan jinsiy faoliyatning maromida olib borilishi bilan bog‘liqligi aniqlangan.
Sog‘lom jinsiy hayot o‘sma kasalliklari himoyachisi
Me’yoriy jinsiy munosabatda yashovchi er-xotinlarda o‘sma (saraton) kasalliklarining keskin kam uchrashi ko‘plab ilmiy manbalarda keltirilgan.
Yuqoridagilarni keltirishdan maqsad jinsiy munosabatga harismandlikni aslo rag‘batlantirish emas. Chunki, har bir insonga faqat o‘ziga xos bo‘lgan me’yor va imkon ato etilgan. Zero, jinsiy aloqaga behad ruju qo‘yishning salbiy jihatlari haqida keyingi maqolalarda to‘xtalish niyatidamiz. Misol uchun, ayoliga xiyonat qilishga odatlangan zinokor erkaklarning toifalarda infarkt va insultdan vafot etish xavfi boshqalarga nisbatan 3-3,5 marotaba yuqoriligi o‘z ilmiy isbotini topgan.
Manba: dnk.uz