Ayrim yosh kelin-kuyovlarning qovusha olmaslik sabablari
№ 1788, Joylandi: 9-01-2023
Ko'rildi: 335
Uchinchi ming yillikning dastlabki asri — axborot asri sifatida e’tirof etilayotir. Darhaqiqat, jahon afkor ommasi tobora axborotlar girdobiga tushib qolmoqda. Ko‘plab shov-shuvlar, ilmiy manbalar bilan qorishib ketib, fisqu fujur tarzidagi tafakkurni og‘ulovchi, turli koni ziyon mish-mishlarga aylanmoqda va nafaqat insonning ongi va iymoni, balki salomatligiga ham ta’sirini o‘tkazmoqda.
Ushbu o‘rinda axborotni noto‘g‘ri qabul qilib, o‘zidagi me’yoriy jihatlarni ham tana dardi alomatlariga yo‘yib, iztiroblar iskanjasiga tushib qolgan ayrim zamondoshlarimizning qismatlaridan tegishlicha xulosalar chiqazib olishlaringizga umid qilib qolamiz.
“29 yoshdaman. Oilada to‘ng‘ich o‘g‘ilman. Uylanganimga deyarli bir yil bo‘ldi. Ammo hanuzgacha er-xotinlik munosabatlarimiz o‘z maromiga tushmagan. Keling, yaxshisi boshidan so‘zlab beray. Kasbim — muhandis. Kompyuterlar bilan uzviy bog‘liqlikda ishlayman. Avval oliygohni tugallab, keyin uch yil muddat ichida nomzodlik dissertatsiyasini yozib tugalladim ham. Ammo bir muncha kech uylanganimga shularni sabab qilib ko‘rsatsam-da, aslida ich-ichdan hadik sezardim. Chunki hali o‘ttiz bilan yuzlashmasdanoq, o‘zimni mijozi sustdek his etardim. Yigirma yoshimdagi kuchli ishtiyoqning qayga yo‘qolganini bilolmay hangu-mang edim. Uydagilar qistovi bilan uylandim, ammo ilk oqshomda ham, keyin ham qovusha olmadim. Shundan so‘ng sarson-sargardonliklar boshlandi. Dastlab, shifokor-mutaxassis qabulida bo‘ldim. Ammo ko‘rinishi o‘zbekka o‘xshasa-da, o‘rischa gapiradigan bu do‘xtir mendagi holatni «go‘lligim — tajribasizligim”ga yo‘ydi va malaka oshirishim zarurligini uqtirdi. Ming bir istihola bilan do‘xtir yozib bergan manzilga borib, eshik qoqdim. Qirq yoshlarni qoralab qolgan ayol meni uyiga boshladi va shunday ishlar qildiki, yer yorilib, yerga kirib ketmadim.
Bu muolajadan naf olish o‘rniga “o‘zimga biror kasallik yuqtirmadimmi?” degan qo‘rquvlar iskanjasida ortga qaytdim. Shundan so‘ng do‘xtir qabuliga qayta bormaslikka qaror qildim.
Onam biz yosh kelin-kuyovlarni “nafasi o‘tkir” bir kishining qabuliga boshlab bordilar. U kishi bizni ko‘riboq, “issiq-sovuq” qilgan g‘arazgo‘y qo‘shnilarimizning go‘riga g‘isht qalab tashladi. Uning “kuf-suf”lari-yu, “sehr-jodu”laridan bahra olgach, o‘zimni ancha yengillashgandek his etsam-da, maqsadga erisha olmadim. U domlaning qabuliga bir necha oy qatnab, bo‘yimiz qadar qarzga ham botib ulgurgach, bunga barham berdik.
Dardimiz ovozasi mahallaga ham yoyilib ulgurgan, shekilli, mahallamizda yashovchi bir opa faranglarning “sehrli dori”sini ta’rif-tavsif etib esi ketdi. Qarzlarni uzish hamda bu dorini sotib olish uchun eski mashinamizni ham arzon-garovga pulladik. Ammo naf bo‘lmadi. Dunyo ko‘zimga qorong‘u, nima qilishga hayronman».
Ushbu maktubni olgach, bu qismat sohibini o‘z qabulimga chorlaganimda yosh kelinchakni uyidagilar olib ketib ulgurishgan ekan. Shunday bo‘lsa-da, bu yosh oilaga yordam berishga qaror qildik.
Dastlabki tekshiruvda yigitning jinsiy jihatdan sog‘lomligi, ammo asab-ruhiy tizimining izdan chiqqanligi aniqlangan bo‘lsa-da, bunga uning o‘zini ishontirish ancha qiyin bo‘ldi. Shu bois uning hayotida bo‘lgan voqealarni uning o‘zi bilan birgalikda tahlil etishga urindik:
Birinchidan, balog‘at yoshidagi aksar yigitlar jinsiy qo‘zg‘alish me’yori deya 16-20 yoshlardagi shahvoniy jo‘shqinlik davridagi holatni tushunishadi. Vaholanki, 22-30 yoshlardagi yigitlarda me’yoriy ko‘rinish biroz boshqacharoq bo‘lib, junbishga keluvchi a’zoning go‘yoki “aqli kiradi”, ya’ni faqat zarur paytdagina qo‘zg‘aladi. Taassufki, o‘ttiz yoshni qoralayotgan yigitlardagi bu his biroz “mudroq” bo‘lib, uni uyg‘otish uchun fursat, uzoqroq o‘z juftini erkalash talab etiladi. Afsuski, ayrimlar G‘arbga taqlidan o‘ttiz yoshni qoralab, oila boqishga to‘la-to‘kis qodir bo‘lgandan keyingina uylanish lozimligini ta’kidlashsa-da, bu vaqtga kelib ularning o‘z jinsiy imkonlariga hadiksirankirab qarab qolishlarini anglab yetmayotirlar. Vaholanki, aynan shu mitti hadik bora-bora ulkan dardga aylanishi ham hech gap emas.
Ikkinchidan, aqliy mehnat sohiblari, ya’ni ilmiy jabhada zahmat chekayotganlar, kompyuter ro‘parasidan uzzu kun qo‘nim topganlarning jinsiy qobiliyati jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchilarnikiga nisbatan birmuncha pastroq bo‘lishi kuzatiladi. Qolaversa, yarim yalang‘och libosli ayollar qurshovida ishlash, ekranda ko‘p behayoliklar ko‘rish ham rag‘batni “to‘yintirib qo‘yadi”.
Uchinchidan, tabiatan ta’sirchan yigitlarning jinsiy imkoniyati har qanday noxushliklarga nisbatan o‘ta sezuvchan bo‘ladi. Yigitning fahsh botqog‘iga ro‘baro‘ kelishi, ehtimol, uni jamiki ayol zotidan bezdirib qo‘yishi ham hech gap emas.
To‘rtinchidan, ilk oqshomdagi qovushishga nisbatan o‘ta sovuqqon bo‘lish ham, aksincha, o‘ta cho‘chish ham koni zarardir. Qabulimizga najot istab kelgan yosh kelin-kuyovlar qimtinib, istihola qilib turishadi. Ularga ilk oqshomda qovusha olmaslik har o‘n yosh oilaning ikki-uch nafarida uchrashini aytganimizdan so‘nggina yorilishadi. Shunday so‘zlarimiz bilan o‘z umriga intiho nuqtasini qo‘yishga intilgan o‘nlab yosh kuyovlardagi tushkun kayfiyatni bartaraf etishimizga to‘g‘ri kelgan. Ammo kitoblarimizda keltirilgan ma’lumotlarni o‘qib, o‘z sihatiga shubhalanib qolgan bo‘ydoq yigitlar ham qabulimizda bo‘lishgan. Aniqrog‘i, har qanday dard haqida tushuncha berganimizda ular aksari odamlarga naf bersa-da, ayrimlarga aks ta’sir etishi ham achchiq haqiqat.
Beshinchidan, yuqoridagi qismat sohibi “dami o‘tkir” domlaning ilk qabulidayoq vahima-gumonlar girdobida qolgan. Afsuski, ayrim “tirikchilik quli” bo‘lib qolgan kimsalar qabuliga kelgan barcha kelin-kuyovlarga “issiq-sovuq” qilinganlik tashxisini qo‘yishadi. Natijada, oddiy ruhiy tushkunlik bois vaqtincha qovusha olmayotgan yosh kelin-kuyovlap vahimalar domiga tushib, “fobiya” dardiga mubtalo bo‘lishadi. Qolaversa, qo‘ni-qo‘shnilarga nisbatan badgumonlik, g‘am-g‘ussa ham dardga yetaklovchi omillardir.
Oltinchidan, hozirgi kunda ayrim tujjor, tirikchilik qullari hatto maktabni amal-taqal tugallagan bo‘lsalar-da, o‘zlarini “xalq tabobati bilimdonlari, iqtidorli, yagona shifokor” ekanliklarini e’lon qilishdan uyalmayotirlar. Ularning aksariyatining qabulida bir bor bo‘lgan sog‘lom odam ham o‘zini bedavo dardlarga giriftorligini “anglaydi”.
Hozirgi kunda ko‘cha-ko‘yda osmon narxidagi sehrli dorivorlar sotish ham keng tus olganligi achinarli hol. Yuqoridagi qismat sohibi ham shundaylar qo‘liga tushib kuyganlardan.
Xullas, bu yosh yigit hayotini izga solish oson kechmadi.
Qariyb yarim oylardan so‘ng u kelinni o‘z uyiga qaytarib keldi. Ahli oilasi bilan birgalikda o‘z fojealari mohiyatini anglab yetib, ancha fursatlardan so‘ng qovushish baxtiga muyassar bo‘lishdi.
Afsuski, hayotda fobiya — vahima, qo‘rquv dardiga yo‘liqib qolish hollari tez-tez uchrab turadi. Fobiyaning minglab turlari mavjud. Bu dardga o‘ta omi, ya’ni axborotni tahlil etib, o‘ziga zarur qismini qabul etish qobiliyatidan mosuvo kimsalar ko‘proq mubtalo bo‘lishadi. Bil’aks, ziyoli bo‘lsa-da, ishonuvchan kishilarda ham bu dardga moyillik seziladi. Bu dardning keng ko‘lamda urchib ketishida axborotlarni buzib shov-shuv yasovchi matbuot vositalari, hattoki internet tizimidagi ayrim salbiy jihatlar ham salmoqli o‘rin tutadi. Ayrim tujjor dori ishlab chiquvchi kompaniyalar va muassasalar o‘z hamyonlarini qappaytirish maqsadida insonlardagi me’yoriy fiziologik jarayonlarni ham kasallik alomatlari deya ommani aldashayotir va o‘z dorilarini tarqatishga muvaffaq bo‘lishmoqda.
Iqtisodiy qiyinchiliklar davri bo‘layotgan ushbu kezlarda ayrim shifokorlar o‘smirlardagi me’yoriy ehtilomni, vujud junbushga kelganda peshob kanali uchida tomchi suyuqlik paydo bo‘lishini, peshob yo‘llarining tuzlar chiqayotganda biroz achishishini ham “tanosil kasalliklar belgisi” deya davolashayotganlari ham uzuq-yuluq qulog‘imizga chalinib turadi.
Sir emaski, hozirgi kunda dardlarning kelib chiqishida 70 foizdan ziyod hollarda stress, ya’ni siqiq kayfiyat sabab bo‘ladi.
Demak, bir-birimizni asraylik, zamondoshlar! Fobiya kabi noxush hollarga yo‘liqmaslikning eng to‘g‘ri yo‘li — odamning o‘z me’yoriy fiziologiyasi va tuzilishidan boxabar bo‘lishidir. Qolaversa, bunday hollarda sizga iymoni but mutaxassisgina ko‘makchi bo‘la oladi.
Manba: dnk.uz