Chimildiq. Birinchi jinsiy aloqa. Yosh juftliklar uchun zarur tavsiyalar
№ 1742, Joylandi: 2-01-2023
Ko'rildi: 2 772
Har bir erkak va ayolning hayotida yuz beradigan birinchi jinsiy aloqa aynan chimildiq ichida bo‘lishini madaniyatimiz, urf-odatimiz taqazo etadi. Umuman olganda chimildiqqa kirish baxtiga musharraf bo‘lganlar bor, bo‘lmaganlar ham bor. Har qanday holatda ham ilk jinsiy aloqa vaqtida barcha juftlarda tabiiy ravishda o‘ziga xos hayajonlanish holati kuzatiladi. Xo‘sh, ilk qovushish ko‘ngildagidek, esda qolarli bo‘lishi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak, umuman tibbiy jihatdan chimildiqda nima qilinadi? Bugungi maqolamiz shu haqida. Ekspert androlog-seksopatolog Dilmurod ERGASHEV.
Oy kunlarining surilishi
To‘y kunidagi hissiyotlarni boshqarish qiyinligi rost. Axir ikki-uch yuz kishining diqqat markazidasizu, hayajonlanmay bo‘ladimi?! Biroq shunda ham o‘zingizni qo‘lga olishga harakat qiling. Chunki emotsional holatdagi qisqa buzilishlar hayz ko‘rish, ayrimlarda bosh va mushaklarda og‘riqqa ham sabab bo‘ladi. Tinchlantiruvchi yoxud og‘riqsizlantiruvchi preparatlarga yaxshisi murojaat qilmang (agar jiddiy sababingiz bo‘lmasa). Ushbu turdagi vositalarning aksariyati qonni suyultirishi bu esa hayz miqdorining ortishiga olib kelishi mumkin.
Birinchi nikoh kechasi kelinchakning hayzi boshlanib qolsa, qovushilmaydi. Buni yaxshi bilasiz. Ammo ayrim uddaburon yangalar, “Ajralma miqdori oz bo‘lsa, zarari yo‘q, vaqtni cho‘zmaylik” deya tavakkal qilishdan ham cho‘chimaydilar. Vaholanki, bunday holatda qovushish tibbiyotda ham, dinimizda ham man etiladi.
Jinsiy aloqa vaqtida og‘riq…
Yodingizda bo‘lsa sahifamiz orqali vaginizm haqida sirlashgandik. Qin mushaklarining spazmi bilan kechadigan vaginizm yaqinlikka monelik qilib, er-xotin qovusholmaydi. Kasallik sabablari orasida birinchi nikoh kechasidan, chimildiq voqeliklaridan hadiksirash, xususan og‘riq haqidagi tasavvurlar ham bor.
Aslida, ham ilk kechada og‘riq bo‘ladimi yoki yo‘q? Bu avvalo kuyovning “chimildiqda nima qilinadi” soʻroviga toʻla-toʻkis javob topganligi, muomalasi, xatti-harakati va kelinchakning umumiy ahvoliga bog‘liq. Tana qanchalik zo‘riqsa, mushaklar taranglashadi. Natijada qovushish payti og‘riq yoki qindan qon ketishi ham mumkin. Chunki bu paytda qin mushaklari tortilib, qovushishni osonlashtiradigan shilimshiq modda ajralishi yuz bermaydi.
Og‘riq, chimildiq ostonasidan qoʻrquvdan emas, balki jinsiy a’zo kasalliklari tufayli ham kelib chiqishi mumkin. Shu bois ham to‘ydan avvalgi tibbiy tekshiruv g‘oyat muhim sanaladi.
Qizlik pardasi saqlanib qolsa…
Ajablanmang, shunaqasi ham bo‘ladi. Aslida, iffat pardasi qin dahlizi va uning bo‘shlig‘i orasida taxminan 1,5-3 sm. ichkarida joylashgan shilliq qavat burmalaridan iboratdir. Gimen, ya’ni qizlik pardasi anatomik tuzilishiga ko‘ra bir necha turlarda farqlanadi. Tibbiyotda qizlik pardasining buzilishi defloratsiya deb atalib, bu hodisa birinchi nikoh kechasi yuz beradi. Defloratsiyaning sodir bo‘lmasligi qizlik pardasining cho‘ziluvchanligi, mustahkamligiga ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, iffat pardasi qon-tomirlar va asab tolalari bilan o‘ta siyrak ta’minlansa yoki ulardan butunlay xoli bo‘lsa, qon chiqishi va og‘riq ro‘y bermasligi ehtimoli mavjud.
To‘ydan keyin bir necha kun davomida defloratsiya sodir bo‘lmasa, shubhaga berilmay ginekolog ko‘rigiga borish zarur. Mutaxassis qizlik pardasida kichik kesimlarni amalga oshirib, defloratsiya osonlashishi uchun imkon paydo qiladi.
Birinchi qovushishdan so‘ng 3-5 kun davomida jinsiy yaqinlikdan saqlanish lozim. Shu kunlar davomida gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilsa, qizliq pardasining chekkalari bitib, keyingi aloqa og‘riq va asoratlarsiz kechadi.
Chimildiq, birinchi nikoh kechasida ko‘p takrorlanadigan xatoliklar
Ba’zida qovushishdan so‘ng qizlik pardasining buzilishi evaziga ajralgan qon suyuqligi ichga ketib qoladi. Bunga sabab qovushish yuz berganidan so‘ng kelinchakning cho‘kkalab o‘tirmaganidir. Shuni deb ko‘p hollarda asossiz tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin.
Gohida esa kelin-kuyov qovusha olmaydi. Bunga har ikkisi tarafdan ham ma’lum sabablar bo‘lishi mumkin. Masalan:
Kelinning jinsiy qovushishga ruhan tayyor bo‘lmasligi;
Birinchi nikoh kechasi, chimildiq haqida turli uydirmalarga ishonish;
Qo‘shilish vaqti kuyovga me’yoridan ortiq qarshilik ko‘rsatish, oyoqlarni qisib olish, itarish, jismoniy og‘riqdan xavfsirash erkak jinsiy maylini keskin so‘ndiruvchi omillardir.
O‘z o‘rnida yigit tomonidan ham ayrim xatolarga yo‘l qo‘yiladi:
Yorini qovushishga tayyorlay olmaslik;
Ayol jinsiy a’zolarining tuzilishi va o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaslik;
Turli xil yallig‘lanish kasalliklari sabab mijoz susayishi;
Jismoniy va ruhiy zo‘riqish, surunkali charchoq.
Yangalarga aytar so‘zimiz…
Avvallari nikoh toʻyida yangalar boʻlishiga oʻta tanqidiy qarar edim. Aynan mana shu odatimizni tushunolmagandek boʻlardim. Vaqt oʻtib oʻylab qarasam, aslida yangalar roli boshqayu, ahamiyati ham kattagina ekan. Faqat bizda oxirgi paytdagi yangalar yangi talqindagi “toʻgʻri” yangalar boʻlib qolishgandek ekan. Shu sabab odamlar orasida yangalarga boʻlgan munosabat ham yangi talqin olgan ekan. Mayli mavzudan biroz chalgʻidik.
Xullas, yangalar vazifalaringiz kelin boʻlmish yosh qizni yangi oilada yangi oilaviy hayotga tayyorlash. Baʼzan yangalar buni aynan teskarisini qilishadi.
Zimmangizga yuklatilgan vazifaga yengil qaramang. Imkonini topib, to‘ydan bir necha hafta (bir necha kun emas!) ilgari kelinchak bilan bafurja suhbatlashing. Birinchi nikoh kechasini qanday tasavvur qiladi, bu haqida nimalarni biladiyu, qay taxminlariga aniqlik kiritishingiz kerak. Albatta so‘rang.
Qovushish oldidan tahorat olish, undan keyin yuvinish qoidalarigacha erinmay o‘rgating. Bu keyingi hayoti uchun ham asqotadi. Er-xotin o‘rtasidagi nozik munosabatlarning ahamiyati, aslida ular qanday bo‘lishi kerak tushuntiring. Iloji boricha, soddaroq tilda gapirganingiz ma’qul. “Shu ish bo‘lmasa, boshimiz xam bo‘ladiya” kabi po‘pisalarni esa bas qiling.
Qizgina shundoq ham turli o‘ylar bilan band. Kamiga siz ham uni tashvishga qo‘ymang. Yaxshisi qovushish vaqti nimalarga amal qilishi, o‘zini qanday tutishi singari holatlarni o‘rgating.
Ha-ya, eshik ortida poyloqchilik qilishingizni takrorlayverib, yoshlarning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solmang. Bu ham qovushish payti havotirni paydo qilib, “Eshitib qolishsachi?” degan hayolga chorlayveradi.
Chimildiq oldidan kuyov uchun maslahatlar…
Birinchi nikoh oqshomidan asosiy maqsad tezroq qovushib, defloratsiyani amalga oshirish deb o‘ylamang. Ilk kecha taassuroti keyingi hayotingiz uchun muhimdir.
Yoringizni suyib-erkalang, undagi vahimani bartaraf etish uchun shirin so‘zlarni ayting. Aslo qo‘rslik qilmang.
Juftingiz o‘zini yengil sezishi uchun undagi jinsiy maylni qo‘zg‘atish lozim. Shunda qovushish oson kechadi.
To‘y yugur-yugurlari xoldan toydirib, birinchi kechada jinsiy maylning sustligi kuzatilishi mumkin. Ammo bu vaqtinchalik holat. O‘zingizni qo‘lga oling.
Qovushish vaqti mijoz sustligi kelib chiqsa, vahima qilmang. Bu qattiq hayajon ta’siridan. Biroz tinchlanib oling.
Keyingi davrlarda ham jinsiy aloqa me’yorlashgunicha, qisqa jinsiy aloqa kabi holat ham yosh kuyovlarda kuzatilishi mumkin. Va buning sabablari qisqa muddatli psixologik omillar bo’lsa, xavotirlanishga ortiqcha hojat yo’q.
Manba: dnk.uz