Birinchi nikoh kechasi — Kelin-kuyovlar uchun mutaxassis maslahatlari
№ 1571, Joylandi: 9-12-2022
Ko'rildi: 667
Nikoh va nikohlanish hayotda har bir yosh yigit va qiz boshida bor baxtli onlardan. Bu damlarda kelin va kuyov koʻngli hayajonda qalbi olam olam orzu-havaslarga toʻla boʻlishi tabiiy. Nikoh butun bir hayot zarhal sarlavhasining boshlanishi. Shu sababli bu kunlarda qilingan har bir ish yosh kelin kuyov xotirasida saqlanib qoladi va qolaversa bu kundagi har qanday soʻz va amal ikki yoshning kelgusi hayotida juda ham katta rol oʻynaydi. Demak, bu zarhal sahifalar qanday ochilishi va yozilish kerak.
Shularni eʼtiborga olib birinchi nikoh kechasida qilinadigan amallar haqida imkon yetganicha suhbat qilishga azmi qaror qildik.
Satrlarimizni diqqat eʼtibor bilan oʻqiyotgan yosh-u qariga ikki olamning bir olam baxt saodati va nikoh baxtini koʻrishni tilab davom etamiz. Demak ketdik.
Kelin notanish oilaga keldi. Kelin ming xil hayollar, hayajon, xavotir aralash hadiksirash va oʻngʻaysiz holda oʻzini his qiladi. Kuyov bolaning kelinga iliq, ochiq chehra va jilmayish bilan qilgan muomalasi kelindagi ruhiy noqulaylik, xavotir va noqulayliklarni aritadi. Qolaversa, bu ikki yosh orasida iliqlik va mehr paydo qiladi. Shu sababli kuyov kelining oldiga kirayotganida shaxsiy gigiyenasiga amal qilib, chiroyli atirlar bilan iforlanib, kelinga ochiq chehra, yaxshi kayfiyat, muloyimlik va halimlik bilan muomala qilishi kerak boʻladi.
Albatta, ota-ona oq fotihasini olib bismillohni aytib oʻng oyoq bilan uyga qadam qoʻyish kerak.
Birinchi nikoh kechasi va chimildiq
Har bir yosh yigit va qiz hayotida nikoh baxtini koʻrish bor. Yoshlarning ilk qovushishi qadriyatlarimiz va odatimiz boʻyicha chimildiqda boʻladi. Shu sabab chimildiq ehtiros, hayajon va bir olam orzu-havaslarga toʻla goʻsha. Chunki bu yerda yangi hayot boshlanadi va kelgusi hayotning tamal toshi qoʻyiladi. Nikoh kechasi chiroyli oʻtishi, qovushish oson va silliq kechishi va boʻlgʻusi hayotga tamal toshi chiroyli holda qoʻyilishi uchun nimalar qilish qilish va nimalarga ahamiyat berish kerak.
Birinchi kechaga oy kunlari toʻgʻri kelib qolsa
Nikoh kechasi va toʻy kunlaridagi hayajon va hissiyotlarni nazorat qilish, boʻysundirish oson emasligi tabiiy. Har holda oldinda butun bir hayot bor. Qolaversa, qanchadan-qancha odamlar yaqin uzoqda hayotingning ikir-chikirlarini mikroskopda koʻrishga tayyor boʻlib turishibdi. Hattoki, baʼzilari qarz havola qilib boʻlsada, elektron mikroskop olishgan :_) . Demak, aynan shu mikroskop sotib olganlar tufayli ham hayot sahnangiz bezaklarga toʻla boʻlsin va sahna ijrosida har qanday tanqidchi ikir-chikir topa olmasin. Qarzga mikroskop sotib olganlar esa, afsus qilib labini tishlab qolsin.
Demak, hayajon va hissiyotlarni imkon qadar qoʻlga olishga harakat qilamiz, jilovlaymiz. Sababi nikoh kechasi yaxshi oʻtishi uchun bu suv va havodek zarur. Qolaversa, ortiqcha hayajon va hissiyotlar tana va boshda ogʻriq, qoʻzgʻalish susayishi yoki birdan hayz koʻrib qolishga sabab boʻlishi mumkin.
Agar birinchi nikoh kechasida kelin hayz holatida boʻlsa, qovushish mumkin emas! Hattoki, oila qurmagan koʻp yosh yigitlar ham buni bilishadi. Demak, izohga hojat yoʻq. Svetoforda qizil yondimi, har qanday harakat toʻxtatiladi!
Qovushish vaqtida ogʻriq
Aksari hollarda birinchi bor nikoh kechasida qovushilganda ogʻriq eng kuchsiz darajada boʻladi. Nima boʻlganda ham birinchi qovushish qanday oʻtishi va ogʻriq boʻlish yoki boʻlmasligi yosh kuyovga bogʻliq. Avvalambor qovushishdan oldin olatni qinga osonroq va shikastlamay kirishi uchun olatga namlantiruvchi kremdan yaxshilab surib olinadi. Kelin hayajon va hadiksiragan holda boʻlganligi uchun tanasi ham zoʻriqqan, taranglashgan holda boʻladi.
Bu holatni kuyov kelinni qovushishga yaxshi tayyorlash, koʻngliga yoʻl topish, roziligini olish va shirin muomalasi bilan erishishi mumkin xolos. Ayolda qoʻrquv, hadiksirash va hayajon yoʻqolsagina, qin mushaklari boʻshashadi, biroz moysimon suyuqlik ajralib chiqadi. Bu qovushishning oson va imkon qadar ogʻriqsiz oʻtishini taʼminlaydi. Agar aksi boʻlib, prodyuser kuyov kelinni rolga tayyorlay olmasa, olat kirishi ham qiyinlashadi va ogʻriq ham kuchli boʻladi.
Ogʻriq boʻlishining yomon tomoni kelajakda u kelinda vaginizm, yaʼni qin mushaklarini tortishib qisqarib, jinsiy aloqa qilinishiga toʻsqinlik qilishidir. Birinchi qovushishdan hadiksirash va ogʻriq vaginizm sabablaridan biri deb qaraladi.
Birinchi jinsiy aloqadan keyin ham qizlik pardasi saqlanib qolsa…
Ha, toʻgʻri eshitdingiz. Qovushildiyu bokiralik, yaʼni iffat pardasi saqlanib qoldi. Bunaqasi ham boʻlib turadi. Odatda qizlik pardasi qindan 1.5-3 sm ichkarida joylashgan. Bu parda aslida shilliq qavat burmasi. Qovushganda qizlik parda yirtiladi. Bu sodir boʻlmasa, sababi qizlik pardaning mutahkamligi va elastikligi, yaʼni choʻziluvchanligida boʻlishi mumkin. Qolaversa, baʼzi hollarda parda yirtilsada ogʻriq, achishish va qon kelmasligi mumkin.
Nikoh kechasida ish bitmasa va maʼlum vaqtdan keyin ham natija boʻlmasa, kuyovda muammo boʻlmasa, ginekolog shaxsiy koʻrigiga borish kerak boʻladi.
Agar nikoh kechasi qovushilganda iffat pardasi buzilsa, harakat toʻxtatiladi. Bir necha kun aloqa qilish mumkin emas. Shunda jarohat bitib, keyingi aloqalar ogʻriqsiz va asoratsiz boʻlishiga imkon yaratiladi.
Birinchi jinsiy aloqadan keyin qon kelmasligi sababi nima?
Shunday ham boʻladiki, qovushilgandan keyin iffat pardasi yirtilganda ham qon kelmaydi. Buni sababi qonni oqib chiqmay qinda qolib ketishi. Buning esa sababi qovushilib boʻlgandan keyin kelin choʻkkalab oʻtirmaganligida. Buni kuyov eslatishi va kattalar uqtirishi kerak narsa edi. Natijada yosh kelin-kuyov parda yirtilganidan bexabar qovushishga yana harakat qilishlari yoki noxush koʻngilsiz hayollarga borishlari va tushunmovchilik yuz berishi mumkin.
Yosh kelin-kuyov qovusha olmasa…
Tabiiy holda baʼzan kelin-kuyov qovusha olmaydi. Ayb sandamu yo manda!? Sabab ikkila yoshdaligi aniq.
Kuyov tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar:
Kelinni koʻnglini topib, qovushishga yetarlicha tayyorlay olmaslik;
Tabiiy holda ayol tanosil aʼzolari anatomik tuzilishi va xususiyatlarini bilmaslik;
Mijoz sustligi;
Olat boshchasi ortiqcha sezuvchanligi sabab tez eyakulyatsiya boʻlish;
Ruhiy va jismoniy zoʻriqish, surunkali stress va charchoq.
Kelinimizchi:
Kelinda ortiqcha vahima va hayajon, bezovtalik boʻlishi;
Kelin qovushishga jismonan va ruhan tayyor emasligi;
Turli safsatalar sababli birinchi nikoh kechasi va qovushish haqida notoʻgʻri fikr va ortiqcha qoʻrquv shakllanganligi;
Qolaversa, ibo hayo tufayli boʻlsada qovushish vaqtida kuyovga ortiqcha qarshilik qilish, kelin oyoqlarini qisib olishi, qovushish ogʻrigʻidan choʻchish yosh erkakda shahvoniy hirsni soʻndiradi. Tanani u yoki bu tomonga burish ham qovushish imkonini bermaydigan omillardan.
Uchinchi ortiqcha! Haqiqatdan, baʼzan ortiqcha
Enagalar kelinni nikoh kechasiga yaxshi tayyorlamaganligi
Kelinni qovushish va unda boʻladigan holatlar haqida turli safsata va asossiz gaplar bilan qoʻrqitish va notoʻgʻri fikr paydo boʻlishiga sabab boʻlish
Kelinga qovushish vaqtida xayo ibo bilan qilinish kerak boʻlgan narsalar orasidagi ruhiy, ahloqiy va jismoniy chegaralari haqida tushuntirib berilmaganligi.
Avvallari nikoh toʻyida yangalar boʻlishiga oʻta tanqidiy qarar edim. Aynan mana shu odatimizni tushunolmagandek boʻlardim. Vaqt oʻtib oʻylab qarasam, aslida yangalar roli boshqayu, ahamiyati ham kattagina ekan. Faqat bizda oxirgi paytdagi yangalar yangi talqindagi “toʻgʻri” yangalar boʻlib qolishgandek ekan. Shu sabab odamlar orasida yangalarga boʻlgan munosabat ham yangi talqin olgan ekan. Mayli mavzudan biroz chalgʻidik.
Xullas, yangalar vazifalaringiz kelin boʻlmish yosh qizni yangi oilada yangi oilaviy hayotga tayyorlash. Baʼzan yangalar buni aynan teskarisini qilishadi. Yangalar bu maqolamni oʻqishiga ishonmaymanu, umid qilaman. Oilaviy hayot ikir-chikirlarigacha kelinga batafsil tushuncha bering, yaxshilab oʻrgating. Bu narsalar haqida yosh qiz hali hech narsa bilmagan va eshitmagan. Yosh boshi bilan bilmaslik sabab hayot yoʻlida koʻp qoqilib qolmasligi uchun oʻz xissangizni qoʻshing. Sizning ham qizinigiz boʻlsa kerakdir!
Boʻlmasa, yaratgan oʻzi sizga ham shirindan shakar qizlar bersin. Erinmasdan ayolning oiladagi burchi, er-xotin orasidagi nozik munosabatlar sir-sinoati bilan boʻlishing. Qovushish qanday oʻtishi, kelin oʻzini qanday tutishi va nimalar qilish kerakligini (tahorat olishdan boshlab yuvinishgacha) ipidan ignasigacha astoyidil tushuntiring. Kelinni qovushish va unda boʻladigan holatlar haqida turli safsata va asossiz gaplar bilan qoʻrqitish va notoʻgʻri fikr va qoʻrquv paydo boʻlishiga sabab boʻlmang. Kelinga qovushish vaqtida hayo-ibo bilan qilinish kerak boʻlgan narsalar orasidagi ruhiy, ahloqiy va jismoniy chegaralari haqida tushuntirib bering. Aynan sh qoidalarni bilish va bilmaslik kelin va kuyovni birgalikda baxtli boʻlishi va boʻlmasligini hal qiladi. Yodda saqlang! Siz misoli elchisiz. Elchiga yarashadigan xolis va yaxshilik tarafdori boʻling.
Siz borligingiz kelinga uyat, hayajon emas, balki quvvat bersin va hotirjamlik bagʻishlasin. Shu ishlarni uddalasangiz ikki dunyo baxt saodatini koʻrib yuring!
Ekspert: Abdulhayev Fayzullo. Urolog, androlog, seksopatolog. Tibbiyot Fanlari Doktorligiga Nomzod.
Tulane University, Nyu Orlean, AQSH. National University Malaysia, Kuala Lumpur, Malayziya
Manba: dnk.uz