Ayrim yosh kelin-kuyovlar nega chimildiqdan qo‘rqishadi?
№ 1568, Joylandi: 9-12-2022
Ko'rildi: 274
Tahririyatga bir yigit qo‘ng‘iroq qildi. To‘g‘risi, uning murojaati bizni juda ajablantirdi, uzoq davom etgan o‘zaro muhokamaga sabab bo‘ldi. Hatto telefon orqali bo‘lgan bu suhbatdan bexabar ayrim hamkasblarimiz “rostdan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldimi?” deb ajablanishdi. Yaqinda bu yigitning to‘yi bo‘lishi kerak ekan. Bo‘lajak kelin esa to‘y kunini nuqul ortga suraverar ekan. Sababini so‘rasa, chimildiqdan qo‘rqishini aytganmish.
Yigitning murojaatidan so‘ng hamkasblarim birma-bir qaysidir tanishining, qo‘shnisining, dugonasining boshdan kechirganlarini so‘zlay ketdi. Ularning birini to‘ydan oldin yangalarau dugonalari chimildiq haqidagi vahimali gaplari bilan qo‘rqitib qo‘yib, oxir-oqibat oilasi buzilganini gapirsa, boshqasi hech nima bilmaydigan kelinchakning iztiroblarini so‘zlay ketdi. O‘ylab qarasak, masala rostdan ham jiddiy. Aytishlaricha, nikoh arafasida kelin-kuyovning ruhiyati shunchalik nozik bo‘larkanki, unga zig‘irdek nozik so‘z ham ulkan talofat etkazishi mumkin ekan. Xullas, yangalik qilishga ham to‘g‘ri keladi endi, dedikda, ishni boshladik. To‘plagan ma’lumotlarimiz, aytmoqchi bo‘lganlarimiz sizga, bo‘lajak kelinchaklar!
Yangajonlar, ogoh bo‘ling!
Kelin-kuyov ostona hatlab chimildiqqa kirar ekan, bunda yangalarning o‘rni katta. Ikki yoshga ular bosh-qosh bo‘lishi xalqimizning azaliy urf-odatlaridan. Ammo nikoh oqshomidagi urf-odatlarimizga ayrim yangalar shunchaki e’tiborsizlik bilan, ba’zilari esa hatto ko‘ngilochar ermak sifatida qarashadi. Ularning noto‘g‘ri xatti-harakatlari tufayli esa ba’zi yosh oilalar bir umrlik baxtsizlik girdobiga ham tushib qolayotir. Chunki yosh oilaning keyingi hayot yo‘li, bir-biriga mehr-muhabbati ilk nikoh oqshomiga har tomonlama bog‘liq.
Bu borada yangalar xizmatlaridan butunlay voz kechish kerak, demoqchi emasmiz. Axir jinsiy tarbiya xususida hech qanday bilimga ega bo‘lmagan yosh kelin-kuyovlarga kimdir nasihat qilishi kerakku! Ammo bu borada juda ehtiyot bo‘lish, kelin-kuyovni nozik lahzalarda noxush so‘zlardan ehtiyotlash koni foyda.
Ammo ilk visol oqshomiga tayyorgarlik ishini faqatgina yangalarga yuklash bilan cheklanmaslik lozim. Aslida bunga onalar, opalar ham befarq qaramasliklari joiz. Bo‘lg‘usi kelinchak unashtirilgan damdanoq u bilan mahram suhbatlar o‘tkazib, tegishli saboqlar go‘zal uslubda berib borilishi maqsadga muvofiq. Yangalar o‘z hayotidagi salbiy jihatlarni, noxush taassurotlarni bo‘lg‘usi kelinchakka so‘zlashlari esa mutlaqo noto‘g‘ri. Yangalik vazifasi chuqur mushohadalikni, shar’iy, ruhiy va hattoki tibbiy savodxonlikni talab etadi.
Ilk oqshom iztiroblariga sabab nima?
Ba’zan birinchi nikoh kechasida qovusha olmaslik holati uchrab turadi. Buning sabablarini bilib olsangiz, oldini olish chorasini ham topgan bo‘lasiz.
Yigitlardagi, ya’ni kuyovlardagi sabablar:
ayol ruhiyatini tushunmaslik, uni “eritish” uslublaridan mutlaqo bexabarlik;
jinsiy muloqotni o‘ta murakkab va mushkul ish deb bilish;
ruhiy tayyor emaslik: o‘zbekona to‘y tashvishlaridan charchagach, birinchi kechadagi vaqtincha noqodirlikni mijoz sustligiga yo‘yish;
ayol jinsiy a’zolarining tuzilishi va o‘ziga xos xususiyatlaridan bexabarlik;
har xil yallig‘lanish kasalliklari natijasida mijozning susayishi.
Qizlardagi, ya’ni kelinlardagi sabablar:
jinsiy qovushishga ruhan tayyor emaslik; qo‘shilishni faqat kuyovga bog‘liq jarayon deb o‘ylab, o‘z vazifasini anglamaslik;
chimildiqda kuyovga me’yoridan ortiq qarshilik ko‘rsatish, yigitni itarib yuborish va hokazolar erkak jinsiy maylini keskin so‘ndiruvchi omillardan ekanligini anglamaslik;
jinsiy munosabat kelajakda er-xotin o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi omil ekanini tushunmay, noto‘g‘ri tarbiya tufayli bu holatni, ya’ni qo‘shilishni jirkanch deya o‘ylash;
eng asosiy sabab tabobatda «vaginizm» (jinsiy munosabatga yoxud ginekologik tekshiruvga unnalganda qin va chanoq tubi, goho son hamda qorin pastki qismi mushaklari beixtiyor qisqarib, qinni siqib qo‘yishi bilan ifodalanuvchi holat) deb yuritiluvchi holatning mavjudligidir.
Muhim qoidalar
Quyidagi maslahatlarga rioya qilinganda qator noxushliklarning oldi olinishi hech gap emas:
Avvalo Allohdan “nikohning xayrli bo‘lmog‘ini” iltijo etib so‘rash ajdodlarimizdan merosligini unutmang!
Ozodalikning go‘zal xislat ekanini yodda tuting va rioya eting.
Go‘shangadan, yotoqxonadan hamda o‘zingizdan ham yoqimli ifor taralib tursin. Ammo o‘ta o‘tkir hidli atirlarni sepish ham ma’qul emas. Xushbo‘ylikning chegarasi ham hayo bilan o‘lchanishini unutmaslik lozim.
Go‘shanga sari odimlayotgan kelinchakning g‘usl qilib, vujudni nopokliklardan forig‘ etishi ham maqsadga muvofiq. Bobolarimiz va momolarimiz tahoratsiz holda yotoqlariga aslo qadam qo‘ymaganlar.
Yosh kelin-kuyovning ilk oqshomida ikki rakat nafl namoz o‘qishida ham katta hikmat mavjud. Tib olimlari ham go‘shangadagi ushbu ibodatning xavotir-tahlikalardan yiroqlashtirib, yoshlarning hayajon va qo‘rquvlarini bosishga ijobiy ta’sirini e’tirof etayotir.
Ilk visol oqshomingiz sizning hayz jarayoningiz kuniga to‘g‘ri kelsa yoki kuyov bola go‘shangaga ichkilikdan sarxush holda kirsa, qovushish jarayoni bir necha kundan so‘ng bo‘lishini muloyimlik bilan tushuntirish lozim. Zero, hayz paytida qovushish dinimizda harom qilingan. Tibbiyotda ham bunday paytda qilingan aloqaning dard chaqirishi aniqlangan. Ushbu holatda bokiralik alomatini aniqlashning ham imkoni bo‘lmaydi. Bu esa kuyov bolaning ko‘ngliga shubha-gumon oralashiga, keyinchalik hatto oila buzilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Jinsiy muomaladan oldin bismilloh aytib, “Allohim, bizni va bizdan tug‘ilajak farzandimizni shaytondan yiroq qil”, deya duo qiling.
To‘ydan oldingi noto‘g‘ri, vahimali maslahatlarga, birinchi kechadagi dahshatli og‘riqlar haqidagi asossiz gaplarga ishonmang. Kelinning noto‘g‘ri xatti-harakati, gavdasini bo‘sh tutmasligi, qattiq qarshilik qilishi qin mushaklari qisqarishiga va biroz og‘riqqa sabab bo‘lishini unutmang.
Qiz bolaning haddan ortiq qarshilik ko‘rsatishi kuyovdagi ishtiyoqni so‘ndirishi, hattoki unda ruhiy jinsiy zaiflikning vujudga kelishiga sabab bo‘lishi mumkinligini esdan tuting.
Jinsiy yaqinlikdan so‘ng islomiy g‘usl qoidalarini unutmang, ya’ni gigiyenik muolajalarni qilib boring. Ba’zi yoshlar g‘usl nimaligini ham bilishmaydi. Odatda ayollar jimodan so‘ng va hayz, nifos qoni tugagach, g‘usl qilishlari lozim.
G‘usl tartibi quyidagicha:
Dastlab g‘usl qilish niyat qilinadi.
Avrat joylar yuviladi.
Namozdan oldin tahorat olingani kabi tahorat olinadi.
Boshga, undan so‘ng o‘ng va chap elkalarga suv quyilib, badan yaxshilab ishqalab yuviladi.
G‘usl qilinganda tanada quruq joy qolmasligi kerak. Soch o‘rilgan bo‘lsa, yoyish shart emas. Biroq sochlarning ostiga albatta suv tegishi darkor. Oyoq ostida g‘usl suvi qolgan bo‘lsa, oyoqlar qaytadan yuviladi. G‘usl qilinayotganda qiblaga tomon burilmaslik kerak.
3 kunlik “parhez”
Ayrim kuyovlar ilk oqshomdayoq bir necha bor jinsiy yaqinlikda bo‘lishga intilishlari noto‘g‘ri. Chunki bu qon yo‘qotish xavfini vujudga keltiradi. Odatda iffat pardasi barham topgandan so‘ng kamida uch kun jinsiy yaqinlikni to‘xtatib turish shart. Aks holda munosabatdagi og‘riq azobi, yosh kelinchakning jinsiy yaqinlikdan bezishiga, hatto turli dardlar (frigidlik, vaginizm, genitaliya)ga chalinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar ilk oqshomdan keyingi kunlarda ham og‘riq hissi kuchayib, qon ketishi kuzatilsa, yosh kelinchakni ginekolog-shifokor maslahatiga olib borish maqsadga muvofiq.
Manba: dnk.uz