E`lon Joylash
Xorazmelon.com » Yangiliklar va qiziqarli ma'lumotlar » Salomatlik » Sepkillarni qanday yo'qotish mumkin - niqoblar, kremlar, kosmetologik muolajalar

Odatda bahor oylarida ayrim ayollarimiz sepkil toshishi va yuzdagi dog‘lar qoraya boshlaganidan shikoyat qilishadi. Yoshlikda paydo bo‘lgan sepkillarga vaqtida e’tibor berilmasa ko‘payib, rangi to‘qlashib boradi. “Sepkillarni yo’q qilish uchun nima qilish kerak”, deysizmi? Yaxshisi, sahifamizda berilgan maslahatlarimizga amal qiling.

SEPKIL NIMA SABABDAN PAYDO BO’LADI
Sepkil — yuzdagi pigmentli dog’lar. Teri va sochlarning rangi uchun melanin pigmenti javobgardir. Moddalarning muvozanatsizligi, stress va vitamin yetishmovchiligi bilan teri hujayralari pigmentatsiyaga ega bo’lishi mumkin. Sepkillar paydo bo’lishining asosiy sabablari ota-onadan bolaga o’tadigan irsiyat bilan bog’liqdir.

Sepkillar kasallik emas, ularning «efelidlar» degan ilmiy atamasi mavjud. Shuning uchun ular sog’liqdagi jiddy og’ish emas, terining o’ziga xos xususiyati hisoblanadi. Sepkillar nafaqat yuzga, balki butun badanga toshishi mumkin. Sepkilli qizlar bahor quyoshidan saqlanishi maqsadga muvofiq.

Sepkil 25 yoshgacha ko‘payadi va ­rangi ham to‘qlashadi. 30 yoshdan keyin esa, aksincha rangi oqaradi, lekin miqdori o‘zgarmay qolaveradi. Qizig‘i, 40 yoshdan so‘ng ular umuman yo‘q bo‘lib ketishi ham mumkin.

Ayrim holatlarda ichki kasalliklar ham dog‘lar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun birinchi navbatda shifokorga murojaat qilish lozim. Misol uchun, homiladorlik, jigar-taloq kasalliklari, kamqonlik, ichki sekresiya bezlari ishining buzilishi, vitamin S yetishmasligi ham yuzda jigarrang va qoramtir dog‘lar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
SHIFOKORLAR NIMA DEYDI?
Odatda sepkil bolalar 5-6 yoshlik paytidan boshlab ko‘rinadi. Katta bo‘lgani sari kamaya boradi, 35 40 yoshdan keyin esa butunlay yo‘qolib ketadi. Terini oqartirish maqsadida qo‘llaniladigan ko‘pgina yog‘li surtmalar teri yuza qavatini undagi dog‘ bilan birga ko‘chirib tushiradi. Biroq sepkilga sabab bo‘luvchi hujayralar terining ancha chuqur qavatiga joylashgan bo‘ladi. Shuning uchun oqartiruvchi kremlar faqat vaqtincha yordam beradi.

Avvalo yuzni quyoshdan asrash lozim. Teri yog‘li yoki normal bo‘lsa, oqartirish uchun bodring, limon, qatiq, petrushka qaynatmasi ham ishlatish mumkin. Yuzga qatiq surtib, 15 20 daqiqadan keyin iliq suvda yuvish tavsiya etiladi.

SEPKILLARNI KETKAZISH USULLARI
SEPKILLARNI YO’QOTISH UCHUN MISR AYOLLARINING SIRLARI
Misr ayollarining ta’kidlashlaricha, agar yuzda sepkil va dog‘lar bo‘lsa, muntazam ravishda qumli niqob qilib turish maqsadga muvofiq. U sepkil va dog‘larni ketkazib, yuz terisini yoshartirar, ko‘z ostidagi va boshqa ajinlar tekislanib, yo‘qolarkan. Niqob uchun quyosh nurida qizigan qumdan foydalanish yaxshi foyda beradi.

SEPKILGA QARSHI NIQOBLAR
Sepkil davosi sifatida achchiq bodomni maydalab, uni sharobga qo‘shib yuz yuvilsa, sepkillar rangsizlanadi.
Sepkil va qora dog‘larni ketkazish uchun ko‘proq rediska, sut iste’mol qilish kerak. Har kuni bodring sharbati bilan yuzingizni artib turing.
Yuzdagi sepkillarni ketkazishga mosh ham yordam beradi. Mosh ildizidan siqib olingan shirasini yuzga surting va 30 daqiqadan so‘ng qaynab, ilitilgan suvda chayib tashlang.

Baqlajon sharbatini yuzingizga surtib, 15 daqiqadan so‘ng o‘tli damlama bilan yuzingizni chayib oling.
1 osh qoshiq suzma, 1 ta tuxum oqi va bir osh qoshiqda o‘simlik yog‘i yaxshilab aralashtirilib, yuzga qalin qilib surtiladi. 20 25 daqiqadan so‘ng iliq suvda yuviladi.

Bir boylam ukropni 10 15 daqiqa suvda qaynatib, dokadan o‘tkaziladi. So‘ng og‘zi bekiladigan idishga solib, muzlatgichga qo‘yiladi. Ana shu qaynatma bilan har kuni yuz artib turilsa, dog‘lar ketib, yuzdagi sho‘ralashlar ham yo‘qoladi.
Quyosh nurlari ta’sirida dog‘ ishlab chiqaradigan hujayralar yanada faol ishlaydi, bu esa sepkil ko‘payishiga olib keladi.

KOSMETOLOGIK MUOLAJALAR
Sepkillarni lazer yordamida yo’qotish. Ushbu muolaja jarayonida lazer o’ta aniq ishlaydi va odatiy teri hujayralariga ta’sir qilmaydi. Ushbu muolaja medikamentoz usullarga tegishli, shuning uchun u juda qimmat turadi. Biroq, bitta muolajaning o’zi sepkillarni ketkazish imkonini beradi.
Fototerapiya. Uskunali davolash qisqa muddatli chaqnashlar yordamida pigmentlarni oqartirish orqali sepkillardan tezda xalos bo’lishni taklif qiladi. Bundan tashqari, husnbuzar va akne kabi boshqa muammolarda ham yordam beradi.

Piling. Pigmentlarning miqdori ko’p bo’lgan terining yuqori qatlamini olib tashlaydigan kislotali preparatlar bilan ishlov berish usuli. Pilingdan so’ng, teri tiklanishi uchun vaqt kerak, shuning uchun kosmetologning tavsiyalarini jiddiy qabul qiling.
Kosmetolog qo’shimcha ravishda sepkilga qarshi krem buyurishi ham mumkin.